XIX-XX ASRLARDA XORAZM VOHASI AHOLISINI QISHLOQ XO'JALIGI ISHLARIGA JALB ETISH MASALALARI
Authors/Creators
Description
ХIX-XX asrlarda Xorazm vohasining iqtisodiy gullab-yashnashi qishloq xo‘jaligida ushbu mintaqadagi mavjud dehqonchilikning an’anaviy usullaridan samarali foydalanish va sug‘orish tizimlarining juda keng miqyosda tashkil etilganligiga bog‘lik bo‘lgan.
Xorazm vohasi aholisi tomonidan hududning noqulay tuproq va iqlim sharoitiga ega bo`lishiga qaramasdan yuqori darajada rivojlangan dehqonchilik madaniyati yaratildi. Zero, qishloq xo‘jaligida hosildorlik va samaradorlikni keskin oshirish kambag‘allikni qisqartirish va qishloq aholisi daromadlarini ko‘paytirishning eng tez natija beradigan omilidir. Ushbu mavzu yuzasidan to‘plangan materiallarning aksariyatini xronologik jihatdan xonlik davrining arxiv hujjatlari tashkil etadi. Arxiv hujjatlarida qayd etilgan ma’lumotlar mavzuni ilmiy tahlil qilishda muhim ahamiyatga egadir. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivi materiallari, O‘zRFA SHI fondidagi qo‘lyozma manbalar, qozilik hujjatlari va Xiva Ichan qal’a muzeyi fondidagi xonlik davri vaqf hujjatlari, yorliqlar mazkur tadqiqotning ilmiy-manbaviy asoslarini tashkil qiladi. Ularda yer-mulk, ijara shartnomalari, natural mahsulotlarni sotish, ayirboshlash, yerdan foydalanish va sug‘orish bilan bog‘liq masalalar o‘z aksini topgan.
Tadqiqot uchun kerakli bo‘lgan materiallarning ikkinchi guruhini XVII – XIX asrlariga oid mahalliy yozma manbalar tashkil etadi. Mazkur davrda yaratilgan yozma manbalar bevosita davlatda ro‘y bergan siyosiy-iqtisodiy jarayonlar bilan bog‘liqdir. Xiva xonligida taxtga yangi o‘tirgan xon mamlakatni rivojlantirishga qaratilgan asosiy islohotlari qatorida dehqonchilik hududlarini kengaytirish yo‘lida hududning mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalanish va yangi sug‘orish tizimlarini bunyod qilish masalalariga alohida e’tibor bilan yondoshganlar. Amalga oshirilgan mazkur islohotlar xonlikning tarixshunos olimlari va muarrixlari tomonidan qayd qilib borilgan. Ular tomonidan yozib borilgan ushbu qaydnomalar keyinchalik tarixiy manba shaklida namayon bo‘ladi.