Badiiy adabiyot ruhiy- axloqiy tarbiya manbai
Description
Annotatsiya: maqolada talabalarda badiiy asar tahlili orqali og‘zaki va yozma savodxonlikni oshirish, dialogik va monologik matnlar yaratish orqali madaniy muloqot kompitehtsiyalarini shakllantirish, badiiy asarlar insonga hayotni anglashda ma’naviy ozuqa ekanligi haqida fikrlar bildirilgan.
Kalit so‘zlar: Kitobxonlik, qiyosiy tahlil, monologik matn, dialogik matn, obrazli tafakkur, nutqiy savodxonlik, orfografik me’yor, madaniyatlararo kompetensiya.
Abstract: The article discusses the need for Russian-speaking students to improve their oral and written literacy through the analysis of works of art, the formation of cultural communication competencies through the creation of dialogic and monologue texts, and the fact that works of art are spiritual nourishment.
Key words: reading, comparative analysis, monologue text, dialogical text, creative thinking, speech literacy, spelling norms, intercultural competence.
Bugungi kunda ta’lim jarayonida mutolaa madaniyatini shakllantirishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Ushbu sohada ta’lim muassasalarida bir qator tadbirlarni amalga oshirish kutilgan samaradorlikka erishish imkonini beradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi PQ-3271-sonli Qarori qabul qilindi. Ushbu qaror kitob, kitobxonlik madaniyatining jamiyat a’zolari ma’naviy hayotidagi o‘rnini alohida ko‘rsatib berdi. Bu esa o‘quvchilarda kitob mutolaasiga nisbatan qiziqish uyg‘otishga xizmat qilmoqda. Chunki kitob insonni ma’naviy-madaniy yuksaltirish vositasi hisoblanadi.
Yildan yilga davlat tilini chuqurroq bilish har qanday mutaxassis uchun kechiktirilmaydigan ehtiyojga aylanmoqda. Shuningdek, oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tili darslarida o‘zbek adabiyotini o‘rganish bosqichiga o‘tish, o‘zbek tilidagi badiiy matnga badiiy asar tarzida yondashish kerakligi haqida fikrlarga jiddiy e‘tibor berilmoqda. Ma’lumki, insoniyat erishgan barcha madaniy-tarixiy tajribalar kitoblarda muhrlanib qolgan. O‘quvchilar esa ushbu tajribani kitob mutolaasi orqali o‘zlashtirishga erishadilar. Buning uchun o‘quvchilarda aqliy hamda hissiy faollik tarkib topishi lozim. Aqliy hamda hissiy faollik natijasida o‘quvchilar kitoblarda ifodalangan madaniyat boyliklari va bilimlarni o‘zlashtirishga intiladilar.
Haqiqatan ham, badiiy adabiyot ruhiy- axloqiy tarbiya berish, estetik zavq olish va intellektual faoliyat ko‘rsatish manbai bo‘lishi bilan birga til o‘rganishda alohida ahamiyatga ega bo‘lgan vositadir.
Talabalarning so‘z boyligini oshirishda, tafakkur sarhadlari, ya’ni davlat tilidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishda, madaniyatlararo kompetensiyani shakllantirishda o‘zbek va jahon adabiyoti namunalarining qiyosiy tahlilini qay yo‘sinda olib borilishiga bir nazar qaratsak.Masalan: Alisher Navoiyning “Lison-ut tayr” dostonidagi “Hikoyat” va L.N. Tolstoyning “Urush va tinchlik” epopeyasidan olingan parchalarni qiyosiy tahlil etishda “Aqliy hujum” “Idrok xaritasi”, “Insert” , “FSMU”, “Klaster” kabi texnologiyalardan foydalanishi mumkin. Darsda qo‘llangan bu usullar talabalarning erkin fikrlashiga, so‘zning mohiyati va ta’sir kuchini his qilishlariga zamin hozirlaydi. Talabalarda badiiy matn bilan ishlash jarayonida ko‘z xotirasi orqali ularda orfografik me’yor ham shakllana boradi.
O’quv yurtlaridagi ayrimrus guruhtalabalari yetarlicha o‘zbekcha so‘zlarni bilganlari, ma’lum mavzuda shablon asosida suhbatlasha olganlari holda erkin muloqotga kirisha olmaydilar. Buning sababi shundaki, talabalar,avvalo, nutqiy vaziyatni his eta olmaydilar.Qolaversa, ular madaniyatlararo kompetensiyaga ham ega emaslar.Talabalar o‘zbek adabiyoti namunalari bilan badiiy matn sifatida yaqindan tanishsalargina, ularda madaniyatlararo kompetensiya shakllanishi mumkin.Shundan keyin ular o‘zbekcha so‘zlarnigina emas, balki ayni so‘zlar ishlatiladigan vaziyatni ham, o‘zbekcha so‘zning zimmasiga yuklangan vazifani ham his eta olishadi.
Alisher Navoiyning “Lison-ut tayr” dostoni yozuvchi ijodidagi murakkab asarlardan biri. Bu asar 1498-1499-yillarda yozilgan. Bu kitobda ibratli hikoyalar juda ko‘p. Shoir asarlaridagi kichik hajmli, shuningdek, tarixiy shaxslar bilan bog‘liq hikoyalarning ta’sir quvvati katta. Bu dostondagi falsafiy hikoyalardan biri shaxmat taxtasi bilan bog‘liq:
“Shaxmat o‘ynaguvchi ikki ustod shaxmat taxtasini ochib, ikki tomonga o‘tirdi va o‘rtada shatranji kabir- shaxmat donalarini to‘kishdi. Har tarafdan bir shoh taxtaga terildi, ularning rasmana shohlarga o‘xshash xizmatkorlari, lashkarlari bor edi. Har birining bittadan to‘g‘ri yuruvchi vaziri bo‘lib, yana bittadan egri yuruvchi farzinlari ham bor edi.
U ikki shohdan biri Rum ahliga (oqlar donasi) shoh bo‘lsa, ikkinchisi esa zang ahliga (qoralar donasi) kishvarpanoh edi. Ustod shoh va boshqa donalarni terib, ularga zeb-u oroyish bergan holda taxtada saf torttirdi.
Shundan so‘ng raqiblar maydonga ot solib, u yerda javlon urgan holda turli o‘yinlar ko‘rsatdilar. Bu yer go‘yo urush maydoni va o‘rab olingan qal’aga o‘xshar edi. Bir tomon ikkinchi tomonni mag‘lub etishga qattiq kirishgan. Urush saflarida fil ham, jirafa ham, ruh, ayiq va kashshofa ham bor edi.Piyoda askarlar otliq suvorilar oldida tez va chaqqon urushmoqqa harakat qilishar edi.
Qo‘shinlar urush nizomlariga binoan bir-birlariga turli o‘yinlar ko‘rsatib, jang olib bormoqda edilar. Bir tomon o‘z lashkarlarini pistirmada berkitgan bo‘lsa, ikkinchi tomon bu qo‘shinni buzish tadbirlarini ko‘rardi.
O‘rtada ajoyib, qiziq o‘yinlar namoyon bo‘lmoqda, balki behad hiyla va tadbirlar ko‘rsatilmoqda edi. Bunda pahlavonlar va qo‘mondonlar ham bir-birlariga hujum qilishardi. Bu holat go‘yo ikki qahramon shohning qo‘shin tortib, bir-biriga qarshi urush olib borayotganga o‘xshash edi.
Buncha qo‘shin va dabdaba, qal’a, maydon va ot choptirib, javlon urishlar, chekinib qochishlar, ham o‘ng qanot, ham chap qanotda, ham qo‘shinning ilg‘or qismida ana shu xil g‘avg‘o-to‘polonlar bilan jang bo‘lmoqda edi.
Har bir qomondonning o‘g‘li jangning oldingi saflarida borar, otasidan oldin urushga kirar edi. Urush maydoni bosib o‘tilgach, otasining o‘rnini bosar edi. Bir piyoda bir yoqdan kelib, tez aylanuvchi charx yordamida maydonda qahramonlik ko‘rsatar, yolg‘iz o‘zi butun bir qo‘shinni daf eta olardi.
Urush maydoni ana shu xil turli tasodiflarga to‘la bo‘lib, go‘yo bir-biriga kina qiluvchi ikki shoh urush olib borayotgandek edi. Ularning har birida go‘yo urush uchun tug‘ilgan yuz tuman yosh yigit bor edi. Bu xil jang maydoni kamdan-kam uchraydi. Olib borilayotgan urushlarda bunchalik shiddat bo‘lmaydi hamda el bunchalik qurol-tig‘ bilan ziynatlana olmaydi.
Shunchalik bunyodkorlik, maydon, o‘zaro dushmanlik qilish va urush olib borishlar-hammasi-hammasi,-agar o‘yinchi donalarni yig‘ishtirishga ahd qilsa va shaxmat taxtasining bir chetini ko‘tarsa,- bularning barchasi o‘rtadan ko‘tarilib, yo‘qqa chiqadi!
Shunda na u urush, na dushmanlikdan, na jang olib borish tartib-qoidalaridan asar qoladi. Ro‘y bergan barcha holat va rusumlar, ya’ni jang maydonida ikki tomonning bir biriga hujum qilishlari, agar chuqur o‘ylab ko‘rilsa , o‘tkir fikrli kishi oldida bularning barchasi hech narsa hisoblanadi…
Chunki holat o‘zgarib, uni o‘ynaguvchi ustod uchun o‘yin tugagach, ular hech qanday tafovutga ega bo‘lmaydi. Shaxmat donalari xalta ichiga solingan, “shoh” quyi tushushi, “piyoda” esa yuqori ko‘tarilishi mumkin!
Bularning barchasi istig‘no nishonasi, balki uning bir ko‘rinishidir.Bas,sen bu tamsilga nazar sol,asl istig‘noni bundan yuz ming marta ziyoda deb bil. Agar sen buning ma’nosi tomon yo’l topsang, barcha ishni shunga qiyos qilg‘il!
Darsda talabalar matn bilan ishlaydilar. Matnni o‘qish va fikrlashda “Insert” usulidan foydalanish yaxshi samara beradi. Talabalar bu usulda quyidagicha belgilash tizimidan foydalanadilar. (V) - men bilaman deganni tasdiqlovchi belgi; (+) - yangi axborot belgisi; (–) - mening bilganlarimga zid belgisi; (?) - meni o‘ylantirib qo‘ydi. Bu bo‘yicha menga qo‘shimcha axborot kerak belgisi.
O’qituvchi dars jarayonida L.N.Tolstoyning “Urush va tinchlik” romani tahliliga o‘tar ekan, “Aqliy hujum” texnologiyasidan foydalanadi, voqea va obrazlarni takrorlab asardan olingan parcha bilan talabalarni tanishtiradi:
“… Aravalar va to‘plar orasida, otlarning ostida, g‘ildiraklar orasida o‘lim vahmidan qo‘rqinchli qiyofaga kirgan odamlar bir-birini ezib, o‘lib, jon berayotgan odamlarni bosib, bir necha qadam bosishi bilan yana xuddi shularday o‘lishi muqarrar bo‘lgani holda, olg‘a o‘tish uchun bir-birini o‘ldirib, uymalashib, tiqilishib yotar edi.
Uymalashib yotgan bu odamlar ustiga har o‘n lahzada to‘p o‘qi kelib tushar, yorilib havoni larzaga keltirar va odamlarni o‘ldirib, yaqinroq turganlarga qon sachratar edi…
Butun bir polkning qoldig‘i- qo‘lidan o‘q yeb, o‘zi piyoda qolgan Doloxov, uning rotasidan bo‘lgan o‘ntacha soldat-u, otliq polk komandiridan iborat edi. Olomon ularni to‘g‘onning kiraverishiga surib olib borib qo‘ydi, ular tiqilinchda to‘xtab qolishdi, chunki oldinda odamlar to‘p ostiga yiqilgan otni tortishmoqda edi. Bir to‘p o‘qi, ularning orqasiga kelib tushib kimnidir o‘ldirdi, ikkinchisi esa oldinga kelib tushib, Doloxovga qon sachratdi. Olomon zo‘r berib olg‘a intildi, siqildi va bir necha qadam yurib yana to‘xtadi.
Ularning har biri “ shu yerdan 100 qadam nari o‘tsam, omon qolaman, yana picha shu yerda tursam, “o‘laman” deb o‘ylar edi.
Soldatlarni zo‘rg‘a ko‘tarib turgan muz o‘pirildi va muz ustida turgan qirqqa yaqin soldat, bir-birini sho‘ng‘itib, oldinga, orqaga intila boshladi. To‘p o‘qlari hamon bir qiyomda g‘uvullab kelib muzga, suvga, ko‘pincha to‘g‘on boshida, ko‘lda va qirg‘oqda turgan odamlarning ustiga tushar edi”.
Talabalar A.Navoiy va L.N.Tolstoydek buyuk yozuvchilar ushbu asarlari orqali insoniyatga nima demoqchilar? Shatranj haqidagi hikoyaning g‘oyasi haqida gapiring. Nima uchun L.N.Tolstoy romanni “Urush va tinchlik” deb nomlagan? Navoiy hikoyasidagi yashiringan falsafani izohlang kabi savollarga javob beradilar. Monologik matn yaratadilar. Talabalar bu savollarga javob berishda FSMU texnologiyasidan foydalanadilar. FSMU texnologiyasi: Fikringizni bayon eting; Fikringiz bayoniga biror sabab ko‘rsating; Ko‘rsatilgan sababga tushuntiruvchi misol keltiring; Fikringizni umumlashtiring kabi qismlardan iborat. Talabalar dars jarayonida “Klaster”dan foydalanib “Badiiy adabiyot yoshlar ma’naviyatiga qanday ta’sir qiladi?” savoliga yozma tarzda javob beradilar. Matn yaratadilar. Uyda “Mening sevimli asarim” mavzusida esse yozadilar. Ikkala asardan olingan lug‘at so‘zlarini shakllantirish va tarjima qilish topshirig‘i ham uy vazifasi sifatida beriladi.
Adabiy auksionlar tashkil etish. Ushbu tadbir o‘quvchilarni badiiy asar mutolaasiga undashning samarali usuli hisoblanadi. Auksionlar muayyan mavzu doirasida yoki erkin mavzuda o‘tkazilishi mumkin. Har ikkala holatda ham o‘quvchilarning e’tiborlari badiiy asar mutolaasiga jalb etiladi. Auksionga o‘quvchilar, o‘qituvchilar, ota-onalar tomonidan yasalgan badiiy asar qahramonlariga tegishli bo‘lgan buyumlar ham qo‘yilishi mumkin. Adabiy auksionlarni boshqa shakllarda ham tashkil etish mumkin. Auksionda ishtirok etayotgan har bir sinf o‘quvchilari muayyan badiiy asar mazmunini taqdimot qilishlari lozim. Natijada tadbirda ishtirok etayotgan boshqa o‘quvchilarda ushbu asarni mutolaa qilish ishtiyoqi tug‘iladi.
Adabiy kechalarni o‘tkazish. Sinfdan tashqari xordiq chiqaruvchi pedagogik jarayonlar sirasiga adabiy kechalarni ham kiritish mumkin. Bunday tadbirlar o‘quvchilarning mutolaa ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Xalq og‘zaki ijodi namunalari va yozuvchilarning badiiy asarlariga nisbatan qiziqishlarini oshiradi. Ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, his-tuyg‘ulari va taassurotlarini boyitadi. Bunday tadbirlar davomida o‘quvchilar monologik mutolaa, rollarga bo‘lib o‘qish, so‘zlab berish, tinglash layoqatlarini rivojlantiradi. Badiiy asar mazmuni o‘quvchilar tomonidan kuylangan qo‘shiqlar, ijro etilgan raqslar yordamida boyitiladi. Lavhalarni tomosha qilish, kitoblarni ekranlashtirish ham o‘quvchilarning mutolaa madaniyatiga oid ko‘nikmalarni tizimli tarzda shakllantirishga xizmat qiladi.
Davlat tilini bilish har qanday mutaxassis uchun hayotiy ehtiyojga aylanib borayotgan ekan, bu jarayonda o‘zbek tili darslarida o‘zbek adabiyotini o‘rganish bosqichiga o‘tish, o‘zbek tilidagi badiiy matnga badiiy asar tarzida yondashish eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi.Chunki badiiy adabiyot, u qog‘oz yoki electron ko‘rinishda bo‘ladimi, ruhiy- axloqiy tarbiya berish, estetik zavq olish va intellektual faoliyat ko‘rsatish manbai bo‘lish bilan birga til o‘rganishda alohida ahamiyatga ega bo‘lgan vosita hamdir. Ma’lumki, har qanday tili o‘rganilayotgan xalqning madaniyati, milliy mentaliteti shu elning adabiyotida to‘liq aks etadi. Bundan tashqari, o‘rganilayotgan tilning bor go‘zalligi, injaliklari ham uning badiiy so‘zida yorqinroq namoyon bo‘ladi.Shu bois, talabaning o‘zi o‘rganayotgan tilda badiiy asar o‘qishi unga yangi madaniyatni, atrofidagi odamlarni bilishdan tashqari, oradagi madaniy begonalikni yo‘qotish, tili o‘rganilayotgan xalqning milliy psixologiyasini anglash, shu xalqning ma’naviy ildizlarini his etish imkoniyatini ham beradi.
Xulosa tarzida shuni aytishimiz mumkinki, o’quvchilarning shaxslik xususiyatlarini tarkib toptirishda badiiy matn bilan ishlash,ulardatilning orfoepik va imlo qoidalari bo‘yicha malakalarini kuchaytirish, dialogik va monologik matn tuzish ko‘nikmalarini shakllantirishva barkamol shaxsni tarbiyalashda, ularning davlat tilidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, obrazli tafakkur, nutqiy savodxonligiga erishishida adabiy ta’lim saviyasini oshirishimiz, barcha oliy o‘quv yurtlaridaadabiyot o‘qitishniyo‘lga qo‘yishimiz zarurdir.
Foydalanilgan adabiyotlar.
1. Husanboyeva Q.P. Oliy ta’lim muassasalarida davlat tilini o‘qitish bilan bog‘liq muammolar va ularning yechimi. Texnika oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek va xorijiy tillarni o‘qitishning dolzarb masalalari ( Nazariya, metodika, texnologiya ). Respublika ilmiy- amaliy konferensiya materiallari. T.2020. 5-b.
2.Ne’matova G. Ijodiy tafakkurni rivojlantirish texnologiyasi va o‘quvchining mustaqil faoliyati. – T.: RTM, 2001. –24 b.
3. Yo‘ldoshev Q. O‘qituvchi kitobi. T.O‘qituvchi. 1997.35-b.
4. Nishonova Z. Mustaqil ijodiy fikrlashni rivojlantirishning psixologik asoslari. Psix. fan. dok. ... diss. avtoreferati. –T., 2005. – 38 b.
5.Baltayeva A.T. Designing lessons aimed at teaching students to critically evaluate the personality of the heroes of the work of fiction. ACADEMICIA: An International Multidisciplinary Research Journal. P.947-952.
Files
Files
(33.0 kB)
| Name | Size | Download all |
|---|---|---|
|
md5:c3e3cdbca57a1293e2f6eea670fd7212
|
33.0 kB | Download |