XALQARO TIJORAT ARBITRAJIDA ISTE'MOLCHILAR HUQUQLARINI HIMOYA QILISH: TARAFLAR AVTONOMIYASI VA ISTE'MOLCHILARNI MAJBURIY HIMOYA QILUVCHI NORMALAR O'RTASIDAGI MUVOZANAT
Authors/Creators
Description
Xalqaro tijorat arbitraji zamonaviy xalqaro savdo munosabatlarida nizolarni tezkor, moslashuvchan va nisbatan neytral tarzda hal etishning muhim vositalaridan biri hisoblanadi. Arbitrajning jozibadorligi, avvalo, taraflarning nizoni qaysi tartibda, qaysi arbitraj instituti yoki arbitraj qoidalari asosida va qaysi huquqni qo‘llagan holda hal etishni belgilash imkonini beruvchi taraflar avtonomiyasi tamoyiliga asoslanadi. Biroq mazkur tamoyil iste’molchilar ishtirokidagi shartnomaviy munosabatlarda mutlaq xususiyatga ega emas. Chunki iste’molchi va professional tadbirkor o‘rtasidagi munosabatlarda iqtisodiy, axborot va muzokara imkoniyatlarining teng emasligi arbitraj kelishuvining haqiqiy irodani aks ettirishi masalasini yuzaga keltiradi.
Mazkur maqolada xalqaro tijorat arbitrajida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va taraflar avtonomiyasi o‘rtasidagi nisbat qiyosiy-huquqiy nuqtai nazardan tahlil qilinadi. Yevropa Ittifoqining iste’molchilarni himoya qilishga oid huquqiy yondashuvi, Yevropa Ittifoqi Sudining Mostaza Claro va Asturcom ishlaridagi pozitsiyasi, UNCITRAL Model qonuni hamda Nyu-York konvensiyasi doirasidagi asosiy prinsiplar o‘rganiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tijorat arbitraji va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchiligi o‘rtasidagi munosabat tahlil qilinadi.
Tadqiqot natijasida iste’molchi bilan tuzilgan har qanday arbitraj kelishuvini avtomatik ravishda haqiqiy emas deb hisoblash ham, taraflar avtonomiyasini mutlaq ustuvor tamoyil sifatida tan olish ham maqbul yondashuv emasligi asoslanadi. Muallif iste’molchilar ishtirokidagi arbitraj kelishuvlarining haqiqiyligini baholashda “xabardor va ongli rozilik”, “shartnomaning standart shakli”, “majburiy himoya normalarining mavjudligi”, “nizoni ko‘rib chiqish mexanizmining iste’molchi uchun amaliy jihatdan ochiqligi” kabi mezonlardan foydalanishni taklif etadi.