TARIXIY ASARLARDA MILLIY O'ZIGA XOSLIK VA INSONIY MUSHTARAK QADRIYATLARNING BADIIY OBRAZLARDA AKS ETISHI
Authors/Creators
Description
Mazkur maqolada o‘zbek tarixiy nasrida milliy va umuminsoniy qadriyatlarning badiiy obrazlar orqali talqin etilishi masalasi Sh. Isaxonovaning “Chingizxon tuzog‘iga tushgan malika”, “Bibixonim”, “Gavharshod begim” va “Nodirai davron” tarixiy romanlari misolida tahlil qilinadi. Tarixiy asarlar xalqning tarixiy xotirasi, ma’naviy merosi, milliy tafakkuri va axloqiy qarashlarini aks ettiruvchi muhim badiiy manba sifatida o‘rganiladi. Tadqiqotda adibaning tarixiy voqelikni xolis yoritish, tarixiy shaxslar ruhiy olamini ochib berish hamda milliy kolorit vositasida umuminsoniy g‘oyalarni ifodalashdagi badiiy mahorati tahlil etiladi.
Maqolada tarixiy obrazlar orqali vatanparvarlik, adolat, sadoqat, insonparvarlik, oilaviy qadriyatlar, ma’naviy komillik kabi fazilatlarning badiiy talqini ochib beriladi. Shuningdek, milliylik va umuminsoniylik tushunchalarining o‘zaro uyg‘unligi, milliy qadriyatlarning umumbashariy mazmun kasb etishi masalalariga e’tibor qaratiladi. Sh. Isaxonova romanlarida tarixiy haqiqat va badiiy tafakkur uyg‘unligi, obrazlarning ruhiy kechinmalari hamda milliy mentalitetga xos xususiyatlarning ifodalanishi ilmiy-nazariy jihatdan yoritiladi.
Tadqiqot natijasida adibaning tarixiy romanlari nafaqat o‘tmish voqeligini aks ettiruvchi badiiy manba, balki bugungi avlodni milliy o‘zlikni anglash, ma’naviy qadriyatlarni e’zozlash va umuminsoniy fazilatlarni qadrlashga undovchi estetik vosita ekanligi asoslanadi.