O'ZBEKISTONDA KAMBAG'ALLIKNI QISQARTIRISH VA AHOLINI IJTIMOIY HIMOYALASHNING HOLATI HAMDA MOLIYAVIY MEXANIZMI
Authors/Creators
Description
Mazkur maqolada O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoyalashning amaldagi holati, rivojlanish tendensiyalari hamda ushbu sohani moliyalashtirish mexanizmining samaradorligi kompleks tahlil qilingan. Tadqiqotning maqsadi ijtimoiy himoyani moliyalashtirish tizimida mavjud institutsional va moliyaviy muammolarni aniqlash hamda uni integratsiya, manzillilik, proaktivlik, tabaqalashtirish va natijadorlik tamoyillari asosida takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda deskriptiv-statistik, qiyosiy, dinamik, tarkibiy va tizimli tahlil usullaridan foydalanilgan. Kambag‘allik darajasi, minimal iste’mol xarajatlari, aholi daromadlari, ish haqi, daromadlar tengsizligi va davlat budjetining ijtimoiy xarajatlari dinamikasi baholangan. Tahlil natijalari O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi sezilarli qisqarganini va ijtimoiy himoyani moliyalashtirish hajmi oshganini ko‘rsatgan. Shu bilan birga, mavjud ma’lumotlarning turli reyestrlarda tarqoqligi, yordamning asosan murojaatga asoslanganligi, hududiy tafovutlar, transfertlarga bog‘liqlik va ijtimoiy yordamning bandlik bilan yetarli darajada bog‘lanmaganligi moliyaviy mexanizm samaradorligini cheklovchi omillar sifatida aniqlangan. Maqolada ijtimoiy himoya ma’lumotlarini yagona “Ijtimoiy reyestr” doirasida integratsiyalash, oilalarni ijtimoiy-iqtisodiy holati va xavf darajasi bo‘yicha toifalash, moliyaviy yordamni differensial taqsimlash, sug‘urta nafaqalarini proaktiv hisoblash, bandlikni rag‘batlantirish va kompensatsiya to‘lovlarini haqiqiy ehtiyojga muvofiqlashtirish taklif etilgan. Xulosa sifatida, ijtimoiy himoya vositalarining yagona moliyaviy boshqaruv zanjirida ishlashi budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini, yordamning manzilliligini va aholining barqaror daromad manbalariga ega bo‘lish imkoniyatlarini oshirishi asoslangan