GILDAN RANGGACHA: MARKAZIY OSIYO KOSHINKORLIGINING BADIIY-TEXNOLOGIK TARAQQIYOTI
Authors/Creators
Description
Markaziy Osiyo me’morchiligida koshinkorlik rang, material, naqsh va texnologiya uyg‘unligiga asoslangan muhim amaliy-bezak san’ati turi sifatida shakllangan. Ushbu maqolaning maqsadi koshinkorlikning pishiq g‘isht va o‘yma terrakotadan sirlangan g‘isht, koshinli mozaika hamda mayolikagacha bo‘lgan badiiy-texnologik taraqqiyotini tahlil qilishdan iborat. Tadqiqot tarixiy-qiyosiy, badiiy-tahliliy va texnologik yondashuvlarga asoslanib, yozma manbalar, me’moriy yodgorliklar, koshin bezaklariga oid ilmiy adabiyotlar hamda koshinkor va usta-restavratorlar bilan o‘tkazilgan suhbat materiallarini qamrab oladi. Tahlil natijalari koshinkorlikning birdaniga shakllangan bezak turi emas, balki g‘ishtdan naqshli terish, o‘yma terrakota, sirlangan g‘isht, koshinli mozaika va mayolika kabi o‘zaro bog‘liq bosqichlar orqali rivojlanganini ko‘rsatadi. Mazkur taraqqiyot jarayonida material va texnologiyadagi o‘zgarishlar me’moriy bezakning rang tizimi, kompozitsiyasi va badiiy ifoda imkoniyatlarini kengaytirgan. Sir va rang hosil qilish texnologiyalarining takomillashuvi esa koshinkorlikning me’moriy yuzani tashkil etuvchi yaxlit badiiy tizimga aylanishida muhim omil bo‘lgan. Shu jihatdan koshinkorlik Markaziy Osiyo amaliy-bezak san’atida material, texnologiya va badiiy tafakkurning tarixiy rivojini aks ettiruvchi muhim san’at turi sifatida baholanadi.