KAM RESURSLI TILLAR UCHUN SUN'IY INTELLEKT: OʻZBEK TILI MISOLIDA IMKONIYAT VA MUAMMOLAR
Authors/Creators
Description
Ushbu maqolada sun'iy intellekt texnologiyalarining kam resursli tillar, xususan oʻzbek tili misolida qoʻllanilishi tahlil qilinadi. Tadqiqotning dolzarbligi shundan iboratki, zamonaviy katta til modellari asosan yuqori resursli tillar – ingliz, xitoy, ispan va boshqalar – uchun optimallashtirilgan boʻlib, oʻzbek kabi agglyutinativ, morfologik jihatdan boy tillar bu jarayonda orqada qolmoqda. Maqolaning maqsadi – oʻzbek tili uchun sun'iy intellekt va tabiiy tilni qayta ishlash (NLP) sohasida yaratilgan mavjud resurslar, davlat siyosati chora-tadbirlari va texnik cheklovlarni tizimli tahlil qilish orqali sohaning imkoniyat va muammolarini aniqlash, shuningdek resurslarni bosqichma-bosqich rivojlantirish uchun konseptual arxitektura taklif etishdan iborat. Tadqiqot tavsiflovchi-tahliliy metodologiyaga asoslanib, 2023–2026–yillar oraligʻida chop etilgan ilmiy manbalar hamda Oʻzbekiston Respublikasining rasmiy strategik hujjatlari oʻrganildi. Natijalar shuni koʻrsatdiki, soʻnggi yillarda BERTbek kabi oʻzbek tiliga moslashtirilgan til modellari, davlat darajasidagi sun'iy intellekt strategiyasi va xususiy sektordagi investitsiyalar sezilarli oʻsish koʻrsatmoqda, biroq annotatsiyalangan korpuslarning yetishmasligi, morfologik murakkablik va yirik xalqaro modellarning oʻzbek tilida grammatik xatolarga moyilligi kabi jiddiy muammolar saqlanib qolmoqda. Shu asosda maqolada besh qatlamli lingvistik resurs arxitekturasi va oʻnta bosqichdan iborat tsiklik rivojlantirish algoritmi shaklida konseptual model taklif etiladi. Maqola yakunida davlat, akademik muassasalar va xususiy sektor oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha aniq tavsiyalar taqdim etiladi.